10.09.2026
2026-yil 15–27-sentabr kunlari Samarqand jahon shaxmat hamjamiyatining diqqat markaziga aylanadi. Silk Road Samarkand majmuasida xalqaro shaxmat taqvimidagi eng yirik va nufuzli jamoaviy musobaqalardan biri — 46-FIDE Butunjahon shaxmat olimpiadasi bo‘lib o‘tadi.
Qariyb ikki hafta davomida Samarqandda dunyoning turli mamlakatlaridan milliy terma jamoalar va yetakchi shaxmatchilar jam bo‘ladi. Olimpiada Open va Women yo‘nalishlarida o‘tkaziladi. Jamoalar 11 tur davomida bahslashib, jahon shaxmatidagi eng nufuzli jamoaviy musobaqa g‘oliblarini aniqlaydi.
Ochilish marosimi 15-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi, birinchi tur esa 16-sentabrda boshlanadi. 27-sentabr kuni musobaqalar hal qiluvchi 11-tur va tantanali yopilish marosimi bilan yakunlanadi.
Olimpiada kunlarida Samarqand nafaqat yuksak darajadagi sport bellashuvlari, balki jahon shaxmati kelajagi uchun muhim strategik voqealar markaziga ham aylanadi. Turnir bilan bir vaqtda milliy shaxmat federatsiyalari hamda FIDE boshqaruv organlari vakillarini birlashtiruvchi Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Kongressi bo‘lib o‘tadi.
Kongressning eng muhim tadbirlaridan biri 26-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan FIDE Bosh Assambleyasi bo‘ladi. Uning doirasida Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidentining navbatdagi to‘rt yillik muddat uchun saylovi o‘tkaziladi. FIDE prezidenti lavozimi uchun uch nomzod — Jan Henric Buettner, Vadim Rosenstein va Timur Turlov kurash olib boradi.
Shuningdek, Samarqandda 2030-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilish huquqini qaysi mamlakat qo‘lga kiritishi ham ma’lum bo‘ladi.
Ushbu kunlarda Silk Road Samarkand yuksak darajadagi sport, xalqaro hamkorlik va jahon shaxmatining kelajagini belgilab beruvchi muhim qarorlar bir nuqtada uyg‘unlashadigan maskanga aylanadi.
Bu sentabrda Samarqand jahon shaxmat olamiga mezbonlik qiladi.