05.06.2024
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasida alohida e’tiborli bolalar uchun maxsus xayriya tadbiri tashkil etildi. Ushbu ajoyib tadbir 300 dan ortiq mehmonni jalb qildi va barcha ishtirokchilar uchun unutilmas taassurot qoldirdi.
Bayram tadbirida SOS bolalar mahallalari, Bolalarni ijtimoiy moslashtirish markazi, kam ta’minlangan oilalar, oilaviy mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda Daun sindromi va qandli diabetga chalingan bolalar ishtirok etishdi.
Silk Road Samarkand yosh mehmonlarga turli ko’ngilochar tadbirlarni tashkil etib, quvonch va baxtga to’la kunni taqdim etdi. Tadbirda ALLADIN ijodiy guruhi chiqish qilib, o’z chiqishlari bilan bolalarga quvonch ulashdi. Animatorlar bolalarni o’yinlar, tanlovlar va shoular, jumladan, pufakchalar va flesh-moblar bilan xursand qilishdi. Boqiy shahar amfiteatri hududida bolalar barcha attraksionlardan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo’ldilar.
Boqiy shahardagi o’yin-kulgidan so’ng tadbirning barcha ishtirokchilari AYVON majmuasining banket zalida tushlik qilishdi. Bolalarga mazali taomlar va shirinliklar tortiq qilinib, bayram yanada esda qolarli muhitda o’tdi.
EASY BOOKING kompaniyasi homiy sifatida ishtirok etib, barcha bolalarga sovg’alar taqdim etib, bayramga o’zgacha shukuh bag’ishladi.
Yaxshi an’anaga aylangan xayriya tadbirlari tadbirkor va aksiyador Baxtiyor Fazilov tomonidan doimo o’tkazilib borilmoqda. U kishining tinimsiz sa’y-harakatlari sababli mamlakatimizning turli hududlarida aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan aksiya va tadbirlar o’tkazilmoqda.