17.04.2025
Silk Road Samarkand turistik majmuasi o‘zining xalqaro miqyosdagi faol ishtirokini izchil kengaytirishda davom etmoqda. 14–18 aprel kunlari majmua vakillari bir vaqtning o‘zida ikki yirik biznes forumda — “O‘zbekiston – Malayziya” (Kuala-Lumpur) va “O‘zbekiston – Indoneziya” (Jakarta) tadbirlarida qatnashdi.
Mazkur forumlarda 400 dan ortiq ishtirokchi — yetakchi kompaniyalar, davlat idoralari va moliyaviy tashkilotlar vakillari yig‘ildi. Samarqand viloyati delegatsiyasi mintaqaning investitsion va turistik salohiyatini taqdim etdi, bunda Silk Road Samarkand majmuasi hamda Air Samarkand aviakompaniyasining xalqaro turizm va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Forumlar doirasida Malayziya va Indoneziya aviakompaniyalari, turoperatorlari va potensial investorlar bilan B2B uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Hamkorlikdagi loyihalar, yangi yo‘nalishlar ochilishi va strategik sheriklik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mazkur forumlardagi ishtirok Samarqandning kelajakdagi global turizm markazi sifatidagi maqomiga va O‘zbekistonning investitsion jozibasiga katta qiziqish borligini yana bir bor tasdiqladi.